4 kun ichida Istanbuldan Bursagacha nimalarni ko'rishga ulgurish mumkin? Birga boramiz-ko'ramiz!

Published: 03 July 2024
on channel: Biz TV
649
12

Istanbul – Mudanya – Iznik – Bursa – Turkiyaga bo‘lgan navbatdagi sayohatimiz aynan mana shu ketma-ketlikdagi shaharlarga bo‘ldi. Birinchi kun bizni turli davrlar, dinlar va madaniyatlar chorrahasi bo‘lgan Istanbul iliq qarshi oldi.

Osiyo bilan Yevropa qitʼasini bir-biriga ulagan dengiz osti "Yevrosiyo tunneli" 2016 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shahridagi transport muammosiga ancha yechim bo‘la olgan deyishimiz mumkin. Tunnel evaziga Istanbulning Kazlicheshme va Goztepe tumanlari o‘rtasidagi yo‘lga ketadigan vaqt 90 daqiqadan 15 daqiqaga kamayadi. Bu tunnel suv ostida bunday chuqurlikda o‘tkazilgan birinchi tunneldir. Uni qurish bo‘yicha ishlar Bosfor ostida 106 metr chuqurlikda olib borilgan. Tunnelning uzunligi 14,6 km'ni tashkil qiladi. Ko‘rfaz ostidan Tunnelning 5,4 km lik qismi o‘tgan. Tunnelning qurilishiga 1,25 mlrd dollar sarflangan.

Safarimizning 2-kunida Bursa viloyati tomon yo‘lga chiqdik. Shubhasiz, tongni betakror turkcha kahvalti bilan boshlash nasib etdi. Aslida, Turkiyada nonushta qandaydir bir marosimga ham o‘xshab ketadi. Chunki turi mahsulotlar, sabzavot va mevalar alohida-alohida idishlarga solinib, did bilan bezatiladi.

Undan asosan, non, zaytun, brinza va pishloq, ko‘katlar o‘rin olgan bo‘ladi. Turk nonushtasini omlet — menemen va tetiklashtiradigan achchiq choy yoki turk qahvasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Albatta, kunjutli non simitni ham esdan chiqarmaslik kerak. Asal, murabbo, shokolad pastasi singari shirinliklar maxsus kichik idishlarda nonushta dasturxonini bezaydi. Baʼzida qovurilgan kartoshka, sosiska kabi go‘sh mahsulotlari ham bo‘lishi mumkin. Xullas, hammasidan oz-ozdan tatib ko‘rish, bahonada qorinni to‘ydirish imkoni bo‘ladi.

Biz Mudanya shahri markaziga yetib keldik. Mudanya shahri markazida Sulh yodgorligi va Ismet Inonu haykali bor. U Turkiyaning 2-prezidenti sifatida tarixga kirgan. Mana shu yodgorlikning to‘g‘risidagi sohil bo‘yida esa Mudanya sulh uyi mavjud. U Mudanyadagi Turkiyaning mustaqillik urushini tugatgan va sulh shartnomasi imzolangan tarixiy uydir. Bu 2 qavatli yog‘ochdan ishlangan uy, yerto‘la va chordoqqa ham ega. Unda 13 ta xona va 2 ta katta zal mavjud. Birinchi qavatda sulh imzolangan zal va muzokaralarda Turkiyani vakillik qilgan Ismet Inonuning ish xonasi, yuqori qavatda esa Ismet Posho va uning yordamchilarining yotoq xonalari joylashgan. Ismet Inonu urushdan keyin imzolagan shartnoma shartlari raqiblar tomonidan qabul qilinmaganini ko‘rgach, “kerak bo‘lsa jang qilamiz!” deydi va mushti bilan marmar stolga urib uni ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Aynan shu stol asl holicha hozirgacha saqlanib turibdi. Sulh davriga oid ashyolar saqlangan uyda o‘sha davrga oid fotosuratlar va hujjatlar ham ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Keyin esa to‘g‘ri Mert Demirning jonli ijrodagi konsert dasturiga bordik. Bu konsert Turkiya turizm va madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilib kelinadigan “Madaniyat yo‘li” festivali doirasida o‘ktazildi. Eslatib o‘taman, Turkiyadagi madaniyat festivali yil davomida turli shaharlarda bo‘lib o‘tadi, unda juda ko‘p taniqli turk ijodkorlarini jonli ijrodagi konsertlariga BEPUL kirishingiz mumkin. Batafsil maʼlumotlarni esa kulturyolufestivali.com saytidan bilib olishingiz mumkin.

Bursadagi keyingi kunimizni esa shahar ko‘chalarini kezish hamda diqqatga sazovvor joylariga tashrif buyurishdan boshladik. Keyin esa zamonaviy ijodkor Refik Anadolning “Marjon orzulari” gallereyasiga borib, ijod namunalariga baho berdik. Ko‘rib turganingiz hech qanday sunʼiy idrok emas ekan. Shu kungi tushligimizni Bursa shahridagi sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan mana shunday ajoyib ko‘chalarining biridagi restoranda o‘tkazdik.

Men 2019-yilda ham Panorama 1326 Bursa fath muzeyida bo‘lganman. To‘g‘ri juda yoqqandi, yana tashrif buyurarmikinman, deb o‘ylagandim shu vaqtlari. Mana, nasib etgan ekan yana keldim. Bu yerda nafaqat shahar tarixi bilan ajoyib rasmlar va eksponatlar orqali yaqindan tanishishingiz, balki asosiy diqqatga sazovvor joyi hisoblangan 360 darajadagi shaharning panoramalari ko‘rinishini tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi. Ha, chizilgan rasmlar tarix haqida gapirib turibdi. Ayniqsa unga mos jo‘r bo‘layotgan tovushlar huddi o‘sha davr va muhit atmosferasini berib turibdi.

Keyingi manzilga kirmasdan Bursadan qaytishning iloji yo‘q edi, menimcha. Ulu-Jomi masjidi. Katta masjid — 1396-1400 yillarda Sulton Boyazid I buyrug‘i bilan saljuqiylar uslubida qurilgan. Masjid 12 ustun va 2 minora bilan mustahkamlangan.

Masjid yaqinidagi tarixiy bozorni aylanish bilan kun ham yakuniga yetdi. Va biz ertasi kuni Istanbulga qaytdik. Eʼtiborlisi, Juma namozini 15 asr avval qurilgan Ayasofiya masjidida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an janoblari bilan o‘qish nasib etdi.

Atgancha, taklif uchun Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga, yuqori saviyadagi tashkilotchilik uchun esa Turkiya Turizm va madaniyat vazirligiga katta rahmat! Yana ko‘rishguncha, Turkiya!


Watch video 4 kun ichida Istanbuldan Bursagacha nimalarni ko'rishga ulgurish mumkin? Birga boramiz-ko'ramiz! online without registration, duration hours minute second in high quality. This video was added by user Biz TV 03 July 2024, don't forget to share it with your friends and acquaintances, it has been viewed on our site 649 once and liked it 12 people.